O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 8-moddasiga muvofiq, saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishni saylov komissiyalari ochiq va oshkora amalga oshiradi. Ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlikning borishini va saylov qanday o‘tayotganligini yoritib boradi.
Bugun Navoiy viloyati hududiy saylov komissiyasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi, viloyat Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida “Saylov jarayonlarini yoritishda ommaviy axborot vositalari vakillari hamda ijtimoiy tarmoq faollarining o‘rni” mavzusida seminar tashkil etildi.
Seminarda Navoiy viloyatida faoliyat yuritayotgan mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, bir guruh jurnalistlar, hududiy saylov komissiyasi a’zolari hamda faol yoshlar ishtirok etdi.
Navoiy viloyati hududiy saylov komissiyasi raisi Shuhrat Djurayev o‘z ma’ruzasida saylovlarning ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashda ommaviy axborot vositalari muhim o‘rin tutishi hamda fuqarolarning elektoral madaniyatini oshirishda ham jurnalistlarning o‘rni katta ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
- O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ko‘ra, fuqarolar axborot olish huquqiga ega. Bu qoida saylov kampaniyasi davomida saylovchilarni ovoz berish tartib-qoidalari va saylovoldi tashviqoti masalalari to‘g‘risida xabardor qilinishni taqozo etadi, - deydi hududiy saylov komissiyasi raisi Shuhrat Djurayev. - Saylov tashkilotchilari bu vazifani asosan axborot kampaniyalari tashkil etish – bosma nashrlar, televideniye va radio, internet saytlar, ijtimoiy tarmoqlar, tashqi reklama, varaqalar orqali amalga oshiradilar. Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 5-oktabrdagi 952-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq OAV vakillari saylov kampaniyasi davrida xolis axborotlarni keng, tezkor va erkin tarqatish, shuningdek o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda tashkil etishi uchun akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.
Ta’kidlash kerakki, bu yilgi saylovlarda “E-saylov” axborot tizimi orqali saylov jarayonlariga oid 60 turdagi munosabatlar raqamlashtirildi. OAV vakillarini akkreditatsiya qilish masalasi ham ilk bor elektron shaklda amalga oshirildi. Bugungi kunda viloyatimizdan 4 ta bosma, 1 ta teleradiokanal, 2 ta internet nashrining jami 28 nafar vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Akkreditatsiya guvohnomalari tizim orqali avtomatik tarzda yangi zamonaviy ko‘rinishda shakllantirildi hamda mahalliy OAV vakillariga taqdim etiladi.
Viloyat Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Mamarajabov o‘z ma’ruzasida muhim siyosiy tadbirni xolis, haqqoniy, adolatli yoritish OAV vakillari hamda ijtimoiy tarmoq faollariga katta mas’uliyat yuklashi to‘g‘risida so‘z yuritdi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi rahbari Otabek Aslonov joriy yilgi saylovlar yangi saylov qonunchiligi asosida o‘tkazilayotganini hamda saylov jarayonlarini ommaviy axborot vositalarida yoritib borish mas’uliyati yuzasidan ma’ruza qildi.
- “Saylov jarayonlarini yoritishda ommaviy axborot vositalari vakillari hamda ijtimoiy tarmoq faollarining o‘rni” mavzusidagi seminarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad - mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillariga saylov jarayonlarida ishtirok etish va yoritishda Qonunchilikda belgilangan mas’uliyat va majburiyatlar to‘g‘risida batafsil xabardor etish, - deydi Navoiy viloyati hududiy saylov komissiyasi Matbuot markazi rahbari Dilfuza Gulyamova. - Saylovni mas’uliyatli yoritish uchun 5 ta asosiy tamoyil mavjud. Ular: saylov jarayoniga oid huquqiy hujjatlar bilan tanishish; saylovchilarni saylov jarayonlari to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilib borish; e’lon qilinayotgan barcha ma’lumotlarning to‘g‘ri va ishonchli ekanligini tekshirish; barcha nomzodlarning saylovoldi dasturlarini taqdim etish; xolislik prinsipiga amal qilgan holda barcha siyosiy partiyalar, nomzodlar va saylovchilarga o‘z fikrini bayon etish uchun imkoniyat yaratish hisoblanadi. Ishonch bildiramiz, mahalliy OAV vakillari bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy jarayonda yuqorida aytib o‘tilgan Qonunchilikda belgilangan tartib va qoidalarga amal qilgan holda o‘z faoliyatlarini olib borishadi.
Navoiy viloyati hududiy saylov komissiyasi
Matbuot markazi