Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi bo‘limi boshlig‘i Yevgeniy Kozyak hamda MDH kuzatuvchilari missiyasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi maslahatchisi Denis Varganov Navoiy viloyati hududiy saylov komissiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Navoiy viloyati hududiy saylov komissiyasi rais o‘rinbosari Gulnoz Aslonova bilan bo‘lgan muloqotda muhim siyosiy tadbirga tayyorgarlik jarayonlari, saylovlarning o‘ziga xos jihatlari, mazkur jarayonda hududiy saylov komissiyasining vazifalari, saylov komissiyalari a’zolarini o‘qitish tartibi, saylovchilar ro‘yxatini shakllantirish, muddatidan oldin ovoz berish hamda saylov kuni ko‘rilayotgan tayyorgarlik yuzasidan suhbatlashdi.
Xususan, qisqa muddatli xorijiy kuzatuvchilar MSK tomonidan tayyorlangan va hududlarga yuborilgan Saylov qonunchiligi va amaliyoti bo‘yicha o‘quv-uslubiy qo‘llanma, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengash saylovlariga oid qonunchilik hujjatlari to‘plami, Siyosiy partiyalardan kuzatuvchilar uchun eslatma, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilarga eslatma, Ichki ishlar organlari va milliy gvardiya xodimlari uchun eslatma hamda Yagona saylov okrugi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlariga siyosiy partiyalarning nomzodlar ro‘yxati kabi qo‘llanmalarga alohida e’tibor qaratib, mazkur o‘quv-uslubiy qo‘llanma va eslatmalar saylov jarayoni tashkilotchilari uchun muhimligini e’tirof etdi.
Shundan so‘ng Yevgeniy Kozyak hamda Denis Varganov hududiy saylov komissiyasi a’zolarining ish faoliyati, ularga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi va bugungi kunda saylov uchastkalarida kechayotgan jarayon - muddatdan oldin ovoz berishga qiziqish bildirdi.
Navoiy viloyati hududiy saylov komissiyasi
Matbuot markazi