Hududiy, tuman (shahar), okrug va uchastka saylov komissiyalarining mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilik tamoyillariga qat’iy amal qilgan holda faoliyat ko‘rsatishlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga deputatlar saylovlarining muhim mezonlari hisoblanadi.
Mavjud tajribani inobatga olib, hududiy, tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zolarini o‘qitish tizimini takomillashtirish, saylovchilar hamda saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining huquqiy savodxonligini oshirish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining muhim vazifalaridan biridir.
Joriy yilning 5 sentyabr sanasidan boshlab Navoiy viloyatidagi barcha tuman va shaharlarda parallel ravishda saylov qonunchiligi bo‘yicha saylov o‘tkazuvchi uchastka komissiyalari a’zolari (rais, rais o‘rinbosari va kotib) uchun 3 kunlik o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda. Joriy yilning 5-18 sentyabr kunlari viloyatimiz bo‘ylab o‘tkazilishi belgilangan mazkur o‘quvlar ikki bosqichda amalga oshiriladi.
O‘quvlarning birinchi bosqichida respublika trenerlarining nazorati ostida hududiy trenerlar tomonidan 18-24 nafar tinglovchidan iborat shakllantirilgan guruhlar kesimida interaktiv usullarda (ma’ruza, simulyatsiya, saylov jarayonlarini modellashtirish, video-dars, videorolik, saylovga oid savol-javoblar, test) uchastka saylov komissiyasi a’zolari o‘qitiladi. Mashg‘ulotlar tasdiqlangan reja-jadvalga to‘la amal qilgan holda sifatli tashkil etilishi va o‘tkazilishiga tuman/shahar ishchi guruhlari va hududiy trenerlar mas’ul hisoblanadi.
- Saylov komissiyalari a’zolari malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslarini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish maqsadida malakali ekspertlar tomonidan o‘quv rejalari va ular asosida o‘quv-uslubiy materiallar, ya’ni ma’ruza matni, topshiriq savollari, test, taqdimot, infografika, videodars va boshqa materiallar tayyorlangan, - deydi Navoiy viloyati hududiy saylov komissiyasi kotibi Furqat Xolbutayev. – O‘quv dasturi mazmunida uchastka saylov komissiyalarini tuzish tartibi va faoliyatining asosiy jihatlari, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish, uchastka saylov komissiyasining ovoz berish kunidagi faoliyati, saylov jarayoni ishtirokchilari bilan hamkorligi, SJBAT va SYaERni shakllantirish, dolzarbligini saqlash va ulardan samarali foydalanish kabi bir nechta mavzularda o‘z aksini topadi. Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tayyorlangan “Saylov qonunchiligi va amaliyoti bo‘yicha o‘quv-uslubiy qo‘llanma” barcha okrug va uchastka saylov komissiyasi a’zolariga yetkazib berildi.
Birinchi pog‘ona o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlari yakuni bo‘yicha Maxsus ta’lim platformasida onlayn tarzda test topshiriladi. Hududiy ishchi guruhi hamda hududiy trenerlar tomonidan test natijalari tahlil qilinib, navbatdagi o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlariga qadar mavjud kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘riladi.
Navoiy viloyati hududiy saylov komissiyasi
Matbuot markazi