Navoiy viloyati
hududiy saylov komissiyasi

Ko'rinish:

Shrift hajmi:

Navbatdagi o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda

23.08.2024

8675

msk_yangiliklari_in

Navoiy davlat pedagogika instituti binosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi deputatlarining saylovlarini o‘tkazuvchi tuman, shahar saylov komissiyalarining raisi, rais o‘rinbosari va kotiblari uchun saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.

 

 

 

Joriy yilning 23-24 avgust kunlari tashkil etiladigan mazkur o‘quvlarda tinglovchilarga Saylov tizimiga kiritilgan o‘zgarishlar, aralash saylov tizimining mohiyati va o‘ziga xos xususiyatlari, saylov komissiyalari faoliyatining asosiy jihatlari, saylovchilar ro‘yxatini shakllantirish va ushbu ro‘yxatlar bilan ishlashda saylov komissiyalari oldida turgan vazifalar, saylov komissiyalari binolari va ovoz berish xonalarini jihozlashga qo‘yilgan talablar, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish, ovoz berish kuniga tayyorgarlik, saylov jarayoni ishtirokchilari bilan hamkorligi shuningdek, saylov natijalarini aniqlashning nazariy va amaliy jihatlari bo‘yicha batafsil ma'lumotlar beriladi.

 

 

 

- Joriy yilning 27 oktyabr kuni Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatligiga o‘tkaziladigan saylovlar yangicha tizimda bo‘lishi e'tiborli, - deydi Navoiy viloyati hududiy saylov komissiyasi a'zosi Xurshid Qurbonov. – Siyosiy ochiqlik va oshkoralik bilan o‘tkazish jarayoniga hech birimiz befarq bo‘lmasligimiz, aksincha Vatanimiz kelajagi uchun faol bo‘lishimiz zarur. So‘nggi yillarda mamlakatimizda demokratik islohotlarning sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilib, saylovni qonuniylik, adolatlilik, xolislik va oshkoralik printsiplari asosida o‘tkazishda yangi talablarni qo‘ymoqda. Bu, o‘z navbatida, saylov jarayonlarini qonunchilikka mos tarzda uyushqoqlik bilan tashkil etish uchun, eng avvalo, saylovlarini o‘tkazuvchi tuman, shahar saylov komissiyalarining a'zolari: raisi, rais o‘rinbosari, kotiblari, a'zolar hamda saylov jarayonining boshqa tashkilotchilarini huquqiy bilim va amaliy ko‘nikmasini yanada yuksaltirish bo‘yicha bir qator zarur tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etmoqda. 

 

 

Ushbu seminar-treninglar, Respublika va hududiy trenerlar nazoratida o‘quv-amaliy mashg‘ulot sifatida tashkil etilmoqda. Treninglarda interfaol vositalar va zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanilganligi mashg‘ulotlarning sifat va samaradorligini oshirib, ishtirokchilardan okrug va uchastka saylov komissiyalari binolari hamda ovoz berish xonalarini jihozlash, saylov kuni ovoz berishni tashkil qilish, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida jamoat tartibini ta'minlash, saylov natijalarini aniqlash jarayonini puxta o‘zlashtirish talab etiladi. Shu bois, ularning seminarda olgan nazariy bilimlari amaliy mashg‘ulotlarda yanada mustahkamlandi.

 

 

 

33 nafar tuman, shahar saylov komissiyalarining raisi, rais o‘rinbosari va kotiblari uchun tashkil etilgan ikki kunlik seminar-treninglar yakunida da tinglovchilar spv.bimm.uz portalida test topshiradilar hamda o‘quv jarayonida olgan nazariy bilimlarini amaliy mashg‘ulotlarda yanada mustahkamlaydilar.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur