MAHALLALAR RAISLARI UCHUN O‘QUV-AMALIYOT MASHG‘ULOTLARI TASHKIL ETILDI

28.09.2024

56

msk_yangiliklari_in

Navoiy viloyati tuman va shahar markazlarida saylov jarayoni ishtirokchilarining malakasini oshirish va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan navbatdagi o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengash saylovlari bo‘yicha mahallalar raislari uchun saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlari davomida tinglovchilarga 5 ta mavzu bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.

 

 

- Respublika va hududiy trenerlar tomonidan viloyatdagi 330 nafar mahallalar raislari uchun saylov qonunchiligi haqida umumiy tushunchalar berish bo‘yicha bir kunlik o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlari yakunlandi, - deydi Navoiy viloyati hududiy saylov komissiya kotibi Furqat Xolbutayev. – Tinglovchilarning saylov qonunchiligi va ovoz berishda zamonaviy axborot texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha nazariy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan mazkur o‘quvlarning dasturida dolzarb mavzular qamrab olingan bo‘lib, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislariga aralash saylov tizimi va uning o‘ziga xos xususiyatlari, saylovchilarning ro‘yxati bilan ishlash tartibi, uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarni jihozlash va muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish, uchastka saylov komissiyasining saylov jarayoni boshqa ishtirokchilari ya’ni ommaviy axborot vositalari xodimlari, kuzatuvchilar, jamoat tartibini saqlashga mas’ul idoralar vakillari bilan hamkorligi hamda uchastka saylov komissiyasining ovoz berish kunidagi faoliyatiga oid kerakli bilim va ko‘nikmalar berildi.

 

 

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 33-moddasiga asosan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari saylovda mahalliy kuzatuvchilar sifatida ishtirok etishi belgilangan. Ular o‘z faoliyatini tegishli komissiyalar tomonidan berilgan mandatlar asosida amalga oshiradi.

 

Qonunchilikka muvofiq mahalliy kuzatuvchilar saylov uchastkasida hozir bo‘lish, tayyorgarlik ishlarining borishini, yashirin ovoz berish kabinalarining yoki xonalarining joylashtirilishini va saylov qutilarining muhrlanishini, fuqarolarning ro‘yxatga olinishini, saylov byulletenlarining ularga berilishini kuzatish, ovozlar sanab chiqilayotganda va saylov komissiyasining bayonnomasi tuzilayotganda hozir bo‘lish kabi huquq va majburiyatlarga ega hisoblanadi.

 

 

Navoiy viloyati hududiy saylov komissiyasi Matbuot markazi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur