Xorijga doimiy va vaqtinchalik chiqib ketayotgan fuqarolarga tarqatma materiallar taqdim etilmoqda

25.10.2024

90

msk_yangiliklari_in

Navoiy xalqaro aeroportida shtab tashkil etilgan bo‘lib, xorijga doimiy va vaqtinchalik chiqib ketayotgan fuqarolarning 27-oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida faol ishtirok etish va ovoz berish tartibi tushuntirilmoqda.

 

Xususan, “Navoiy-Moskva” yo‘nalishida uchishga shaylanayotgan fuqarolarga saylovchilar ro‘yxatiga kiritish tartibi, arizalar shakli, saylov uchastkalarida ovoz berish, saylov uchastkasidan tashqarida ovoz berish kabi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan tarqatma materiallar taqdim etilmoqda.

 

    

 

- Moskva shahriga uchib ketyapman, shu sababli 27-oktabr sanasida o‘tkaziladigan saylovda ishtirok eta olmayman, - deydi yo‘lovchilardan biri Kamola Kazakova. – Berilgan flayerlar orqali xorijda bo‘lib ham ovoz berish imkoniyati mavjudligini bildim. O‘z konstitutsiyaviy huquqimdan foydalangan holda Moskva shahrida bo‘la turib ham mazkur muhim siyosiy jarayonda faol ishtirok etaman.

 

Ma’lumot uchun, xorijiy davlatlarda doimiy yoki vaqtincha turgan O‘zbekiston fuqarolari ham xorijda tashkil etilgan saylov uchastkalariga murojaat etib yoki Tashqi ishlar vazirligining saylov.mfa.uz rasmiy veb-sahifasidan ro‘yxatdan o‘tib, saylovlarda ovoz berish imkoniyatiga ega.

 

 

Saylov kodeksining 51-moddasiga asosan ovoz berish vaqti va joyi O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida ovoz berish saylov kuni ushbu saylov uchastkalari joylashgan yerdagi mahalliy vaqt bilan soat 8:00 dan 20:00 gacha o‘tkaziladi.

 

O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari, konsullik muassasalari joylashgan manzil va aloqa ma’lumotlari bilan www.mfa.uz veb-sayti orqali tanishishlari mumkin.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur