ZARAFSHON SHAHRIDAGI FAOLIYATI NAMUNALI TASHKIL ETILGAN 235-SAYLOV UCHASTKASI

03.10.2024

80

msk_yangiliklari_in

Hududdagi 1-sonli umumta’lim maktabidagi saylov uchastkasi uchun ajratilgan xonalar qonunchilikda belgilangan talablar asosida jihozlangan bo‘lib, zarur texnika vositalari va tegishli adabiyotlar bilan ta’minlangan. Saylov qonunchiligiga oid ma’lumotlar, saylovchilar huquq va majburiyatlari to‘g‘risidagi targ‘ibot vositalari bilan mavjud, uchastkada ovoz berish kabinalari, statsionar va ko‘chma saylov qutilari tayyorlangan.  

 

- Bugungi kunda yurtimizda siyosiy jarayonlar qizg‘in pallada davom etmoqda. Zarafshon shahrida joylashgan barcha saylov uchastkalarida mazkur muhim siyosiy jarayonlarga hozirlik ko‘rilmoqda. Xususan, 235-saylov uchastkasi tarkibida bo‘lgan 9 nafar a’zolar tomonidan uchastka hududida joylashgan xonadonlarda uyma-uy yurilib, 2122 nafar saylovchilar ro‘yxati shakllantirildi. Saylovda ovoz beradigan saylovchilarning 70 nafaridan ortig‘i keksa yoshdagi saylovchilardan iborat bo‘lsa, 15 nafari – ilk bora ovoz berish huquqiga ega yoshlar hisoblanadi, - deydi Zarafshon shahridagi 235-saylov uchastkasi raisi Jamila Xolboyeva.

 

 

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joiz, Zarafshon shahrida jami 30 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan bo‘lib, shundan 20 tasi umumta’lim maktablarida, qolganlari kasb-hunar maktabi, tibbiyot muassasalari hamda mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan. Ularda saylovchilarning saylov jarayonidagi ishtirokini ta’minlash bilan bir qatorda hududiy saylov komissiyasidan biriktirilgan komissiya a’zolari tomonidan uchastka saylov komissiyalarining siyosiy-huquqiy bilim va ko‘nikmalarini yanada boyitish borasidagi sa’y-harakatlar ham izchil davom ettirilyapti.

 

 

Shuningdek, uchastka saylov komissiyalari a’zolarining malakasini hamda huquqiy savodxonligi va faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida tashkil etilgan mashg‘ulotlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tayyorlangan “Saylov qonunchiligi va amaliyoti bo‘yicha o‘quv amaliy qo‘llanma” asosida yuqori malakali trenerlar tomonidan olib borilib, mashg‘ulotlar jarayonida uchastka saylov komissiyalari a’zolarining saylov qonunchiligi va ovoz berishda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha nazariy bilimlari hamda amaliy ko‘nikmalari ham rivojlantirilmoqda.

 

 

Navoiy viloyati hududiy saylov komissiyasi

 

Matbuot markazi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur