O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovlarida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan uzoq muddatli kuzatuvchilar - Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlari va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YEXHT/DIIHB)ning uzoq muddatli kuzatuvchilari – Svitil Pavel hamda Skovbo Stig bugun Navoiy viloyati hududiy saylov komissiyasiga tashrif buyurdi.
Uchrashuvda hududiy saylov komissiyasi raisi Shuhrat Djurayev bu yilgi saylovlar jarayonining oldingi saylovlardan farqli o‘laroq aralash tizimda o‘tkazilayotganligi, ayni paytda kalendar-rejaga asosan amalga oshirilayotgan faoliyat, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish, 27-oktabrda bo‘lib o‘tadigan saylov kunidagi sanoq jarayoni va olib borilish tartibi haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda muddatdan oldin ovoz berish uchun 10 foiz miqdoridagi saylov byulletenlari saylov uchastkalariga yetkazilgan.
O‘z navbatida uzoq muddatli kuzatuvchilar saylovga tayyorgarlik jarayoni ularda ijobiy xulosa qoldirayotganini e’tirof etgan holda, muddatidan oldin ovoz berish tartibi, saylov uchastkalarida jarayonning tashkil etilishi, saylovchilar ro‘yxati, jumladan, nogironligi bor shaxslar ro‘yxatining shakllantirilishi kabi savollarga atroflicha javob olishdi.
Shuningdek, kun davomida uzoq muddatli kuzatuvchilar Navoiy shahrida joylashgan “Do‘stlik bayrog‘i” va “Знамя дружбы” gazetalari tahririyati” DUK binosiga tashrif buyurdi.
Suhbat avvalida uzoq muddatli kuzatuvchilarga Navoiy viloyati tarixi, sanoati, ijtimoiy-iqtisodiy, turizm sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xususida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, mazkur muhim siyosiy jarayon Yangi O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqi hayotida unutilmas voqea sifatida alohida e’tirofga loyiq ekanligi ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida tahririyat Bosh muharriri Boboqand Umarov tomonidan viloyat bosma nashrida saylov jarayonlari qay darajada tashkil etilayotganligi, Qonunchilikda belgilangan tartibda siyosiy partiyalar tashviqotini tashkil etish, bosma nashr orqali siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlari bilan aholini tanishtirish, birinchi marotaba ovoz beradigan yoshlar uchun targ‘ibot materiallarini tayyorlash hamda joylarda saylovga tayyorgarlik ko‘rish haqidagi maqolalar chop etilishi haqida ma’lumotlar berildi.