Uchastka saylov komissiyalari a’zolari uchun saylov jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonida saylov qonunchiligiga qat’iy amal qilish yuzasidan yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishga oid ikki kunlik seminar-trening mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
24-25-oktabr kunlari ZOOM ilovasi orqali tashkil etilgan mazkur onlayn o‘quvlarda jami 1280 nafar viloyatdagi uchastka saylov komissiyalari rais, rais o‘rinbosari va kotiblari ishtirok etishdi.
O‘quv amaliy mashg‘ulotlar 6 nafar Respublika trenerlari hamda 40 ta hududiy ekspertlar tomonidan o‘tkazilib, saylov bo‘yicha maxsus qo‘llanma, taqdimot materiallari va videodarslardan samarali foydalangan holda savol-javob tarzida olib borildi.
Mashg‘ulotlar davomida tinglovchilarga 5 ta mavzu bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi. Xususan, ovoz berish xonalarini jihozlash va dalolatnomalarni to‘ldirish, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ishlash, saylovchilar ro‘yxati bilan ishlash, saylov byulletenlarini berish va ovoz berish jarayonlarini nazorat qilish, ovozlarni sanash jarayonidagi harakatlar va tegishli bayonnomalarni rasmiylashtirish, oldingi saylovlar jarayonida uchastka saylov komissiyalari tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularni bartaraf qilish kabi masalalar muhokama etildi.