UCHASTKA SAYLOV KOMISSIYALARI TARKIBI TASDIQLANDI

17.09.2024

101

msk_yangiliklari_in

Uchastka saylov komissiyalari saylov komissiyalari tizimida asosiy bo‘g‘in hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, uchastka saylov komissiyalari oldida juda katta mas’uliyatli vazifalar turibdi.

 

Bugun Navoiy viloyati hududiy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi o‘tkazildi. Majlis kun tartibida “Uchastka saylov komissiyalarini tuzish to‘g‘risida”gi masala ko‘rib chiqildi. Majlisni viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi Shuhrat Djurayev olib bordi. Kun tartibidagi masala bo‘yicha viloyat HSK rais o‘rinbosari Gulnoz Aslonova hamda kotibi Furqat Xolbutayev axborot berdi.

 

 Majlisda viloyat bo‘yicha 430 ta saylov uchastkalarining tarkibi tasdiqlandi.

 

 

- Viloyat bo‘yicha saylov uchastkalarini tuzishda Saylov kodeksining 25-moddasi hamda Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 5-iyundagi 1337-son qarori ilovasi bilan tasdiqlangan “Uchastka saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi nizom talablariga to‘la amal qilindi, - deydi Navoiy viloyati HSK a’zosi Xamid Jumayev. – Viloyat bo‘yicha 430 ta uchastka saylov komissiyalariga 3 ming 774 nafar a’zolar tavsiya etilgan bo‘lib, ularning 3 ming 85 nafari (82%) avval saylovda qatnashgan bo‘lsa, 689 nafari (18%) birinchi marotaba qatnashmoqda. Komissiya a’zolarining 2 067 nafari xotin-qizlar (55%) bo‘lib, ularning 129 nafari uchastka saylov komissiyasi raisi, 169 nafari komissiya raisi o‘rinbosari, 261 nafari komissiya kotibi sifatida tavsiya etilgan.

 

 

 - Xalq deputatlari tuman-shahar Kengashlari tomonidan nomzodlarni tavsiya etishda qonunchilik talablariga to‘liq rioya etilgan, uchastka saylov komissiyalari tarkibida bo‘lishi mumkin emas shaxslar aniqlanmadi, - deydi Navoiy viloyati HSK a’zosi Ma’ruf Umerzakov. - Komissiya a’zolarining 2 ming 875 nafari oliy, 827 nafari o‘rta maxsus, 72 nafari o‘rta ma’lumotli bo‘lib, mutaxassisligi bo‘yicha tahlil etilganda pedagoglar 2 ming 279 nafarni, shifokorlar 481 nafarni, iqtisodchilar 347 nafarni, muhandislar 191 nafarni, huquqshunoslar 92 nafarni, jurnalistlar 19 nafarni va boshqa kasb egalari 365 nafarni tashkil etmoqda.

 

Shuningdek, majlisda viloyatda uchastka saylov komissiyalari a’zolari uchun o‘quvlarning yuqori saviyada tashkil etilayotgani, uchastka saylov komissiyalari ishi samaradorligini ta’minlash yuzasidan atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.

 

 

 

 

 

Navoiy viloyati hududiy saylov komissiyasi

Matbuot markazi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur