TALABA YOSHLARNING SAYLOVGA QIZIQISHI ORTIB BORMOQDA

14.09.2024

110

msk_yangiliklari_in

Joriy yilning 13-sentabr sanasida Navoiy viloyati hududiy saylov komissiyasi joylashgan binoda komissiya a’zolari hamda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining 1-bosqich talabalari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.

 

 

Yoshlarning huquqiy va siyosiy bilimlarini oshirish, saylov qonunchiligi bo‘yicha ma’lumotlar berishga qaratilgan mazkur muloqotda dastlab 27-oktabrda bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi, viloyatimizda saylovni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayonlari haqida ma’lumotlar taqdim etildi.

 

Uchrashuv davomida talaba yoshlar saylash va saylanish huquqiga oid normalar, Saylov tizimiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirish va qo‘shimchalar, nogironligi bo‘lgan fuqarolarning saylovlarda ishtirok etishlari uchun yaratilgan imtiyozlar, saylov jarayonlarida ommaviy axborot vositalari xodimlarining ishtiroki, muddatidan oldin ovoz berish, saylov byulletenini to‘ldirish tartibi to‘g‘risida tushunchalar berildi.

 

 

Navoiy viloyati hududiy saylov komissiyasi raisi Sh.Djurayev, rais o‘rinbosari G.Aslonova hamda kotibi F.Xolbutayev yoshlarni qiziqtirgan savollariga atroflicha to‘xtalib, saylov jarayonida ochiqlik va oshkoralik prinsiplarini mustahkamlash maqsadida saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlar, mamlakatimizda ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylovlar aralash saylov tizimi asosida o‘tkazilishi, aralash saylov tizimining afzalliklari, jamiyatni demokratlashtirish fuqarolar saylov huquqi amalga oshirilishi bilan uzviy bog‘liqligi, ayniqsa bu borada yoshlarning saylov kampaniyasida faol ishtirokini ta’minlash muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdilar.

 

Uchrashuv davomida bu yilgi saylovda ilk marotaba ovoz beradigan saylovchi talaba yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar hamda mazkur muhim siyosiy jarayon haqidagi tasavvur va qarashlari bilan o‘rtoqlashdilar.

 

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur