MAHKUMLAR UCHUN SAYLOV QONUNCHILIGI BO‘YICHA TARG‘IBOT TADBIRI

16.09.2024

77

msk_yangiliklari_in

Navoiy viloyati hududiy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi jazoni ijro etish departamenti 5-mintaqaviy hudud 4-JIEMda “Mahkumlarning huquqlarini ta’minlash, saylash huquqi va undan foydalanish tartibi” mavzusida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

 

Muassasa xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda viloyatdagi 5-, 11-, 12-son JIEK va 36-son manzil koloniyasida xizmat qilayotgan 200 ga yaqin xodimlar videokonferensiya aloqa orqali ishtirok etishdi.

 

 

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsman) Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili Shuhrat Djurayev saylov tizimiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, saylash va saylanish huquqiga oid normalar haqida batafsil ma’lumot berdi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 4-moddasiga asosan fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, ma’lumoti, mashg‘ulotining turi va xususiyatidan qat’i nazar, teng saylov huquqiga egadir.

 

Konstitutsiyamizga kiritilgan o‘zgartishlarga hamda Saylov kodeksiga asosan endilikda ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarga saylovda ishtirok etish, ya’ni saylash huquqi berildi. Natijada ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalari tuzilishi mumkinligi belgilandi. Bularning barchasi esa umumiy saylov huquqi prinsipi yanada kengroq ta’minlanganidan, xalqaro standartlar talablari implementatsiya qilinganidan dalolat beradi.

 

 

Uchrashuv davomida mintaqaviy vakil tomonidan 4-son JIEKda mahkumlar uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganilib, ular bilan jamoaviy uchrashuvlar o‘tkazildi. Huquqlari qay darajada ta’minlanayotgani xususida mahkumlarning fikrlari eshitildi. Joriy yilning 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga o‘tkazilayotgan saylovlarda mahkumlarning ishtiroki, muassasalarda mahkumlar saylash huquqidan foydalanishlari uchun barcha sharoitlar yaratilganligi, ularning ham saylov jarayonida ongli ravishda ishtirok etishi muhimligi tushuntirildi.

 

Navoiy viloyati hududiy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur