DEPUTATLIKKA NOMZODLAR RO‘YXATGA OLINDI

21.09.2024

29141

msk_yangiliklari_in

Navoiy viloyati hududiy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

 

Unda Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olish, saylov kampaniyasi davrida siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.

 

 

Komissiya raisi Sh.Djurayev boshqarib borgan majlisda Xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashidagi deputatlik o‘rinlari uchun 200 nafar nomzodlar to‘g‘risidagi arizalar “Е-saylov” tizimi orqali hududiy saylov komissiyasiga yuborilganligi haqida axborot berildi.

 

- Nomzodlarning 198 nafari oliy ma’lumotli bo‘lib, ularning 2 nafari xorijda oliy ta’lim olgan, 2 nafari esa o‘rta maxsus ma’lumotli. Nomzodlarning 16 nafari ilmiy daraja unvonlarga ega, 16 nafari turli davlat mukofotlari sovrindorlaridir, - deydi Navoiy viloyati hududiy saylov komissiyasi rais o‘rinbosari Gulnoz Aslonova. - Nomzodlarni millati bo‘yicha tahlil etganimizda o‘zbeklar 183 nafarni (91,5%), qozoqlar 8 nafarni (4%), tojiklar 1 nafarni (0,5%), boshqa millat vakillari 7 nafarni (3,5%) tashkil etmoqda. Deputatlikka nomzodlarni mutaxassisligi bo‘yicha tahlil etilganda pedagoglar 79 nafarni (39,5%), iqtisodchilar 32 nafarni (16%), shifokorlar 22 nafarni (11%), qishloq xo‘jaligi xodimlari 14 nafarni (7%), muhandislar 11 nafarni (5,5%), huquqshunoslar 5 nafarni (2,5%) hamda boshqa kasb egalari 37 nafarni (18,5%) tashkil etmoqda. Nomzodlarning 86 nafari (43 foizi)ni xotin-qizlar tashkil etmoqda. Siyosiy partiyalar tomonidan Xalq deputatlari viloyat Kengashiga nomzodlarni tavsiya etishda tegishli qonunlar Saylov kodeksiga belgilangan talablariga rioya qilingan.

 

 

Majlisda Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

 

Majlisda, shuningdek, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati saylovida ishtirok etuvchi siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti joriy yilning 22-sentyabridan boshlanishi hamda mazkur jarayon saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida to‘xtatilishi ma’lum qilindi. 

 

 

Saylovoldi tashviqot davrida siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarga Navoiy viloyati teleradiokompaniyasida hajmiga ko‘ra bir xil bo‘lgan efir vaqti, viloyat “Do‘stlik bayrog‘i” va “Знамя дружбы” gazetalarida bir xil nashr maydoni bepul ajratilib, teng sharoitlar ta’minlanishi qayd etildi. 

 

Navoiy viloyati hududiy saylov komissiyasi

Matbuot markazi

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur